Jamiyat ishtirokchilari o‘rtasidagi nizolar yuzasidan tushuntirish

Jamiyat ishtirokchilari o‘rtasidagi nizolar yuzasidan tushuntirish
Savol: Do‘stim bilan 2024-yil mas’uliyati cheklangan jamiyatini ta’sis etdik, rahbar etib boshqa insonni saylaganmiz. Ustav talabiga ko‘ra, ishtirokchilar teng ulushda hissa qo‘shishlari, ulushlar tovar-moddiy boyliklari va pul ko‘rinishida shakllantirilishi mumkin bo‘lgan.
Men pul ko‘rinishida o‘z ulushimni shakllantirganman. Ammo do‘stim belgilangan muddat davomida ustav fondidagi ulushini shakllantirmagan. U o‘ziga tegishli ulushni hujjatlarni qalbakilashtirish yo‘li bilan egallab olgan, ushbu hujjatlarning qalbaki ekanligini bila turib, ulardan foydalanib, tegishli davlat organlariga taqdim etib, jamiyatga tegishli bo‘lgan bino-inshootlarga qisman egalik qilish huquqini qo‘lga kiritishni maqsad qilganligi, mening ishonchimni suiiste’mol qilib, jamiyat rahbariga go‘yoki qurilish ashyolarini dalolatnoma asosida topshirganligi to‘g‘risidagi soxta ma’lumotlar kiritilgan rasmiy hujjatlarni topshirganligi, ta’sis hujjatlarini tuman davlat xizmatlari markazidan ro‘yxatdan o‘tkazishga erishib, o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulki hamda mulkiga bo‘lgan huquqini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi holati jinoyat ishlari bo‘yicha sudning qonuniy kuchdagi hukmi bilan tasdiqlangan.
Shunday bo‘lsa-da, u hali ham jamiyatning ishtirokchisi ekanligini vaj qilib, jamiyat ko‘rgan foydadan ulush talab qilmoqchi bo‘lyapti.
Jamiyatning ikkinchi ishtirokchisini, ya’ni sobiq do‘stimni sud tartibida jamiyat ishtirokchisi safidan chiqarishni talab qilishga haqlimanmi, haqli bo‘lsam qaysi sudga murojaat etaman?
Ismi sir saqlanishini so‘ragan fuqaro
Javob: “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasida jamiyat ishtirokchilarining majburiyatlari belgilangan bo‘lib, unga muvofiq jamiyat ishtirokchilari ushbu Qonunda va jamiyatning ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdorda, usullarda va muddatlarda hissa qo‘shishlari shart.
Shu Qonunning 14-moddasiga muvofiq jamiyatning har bir ishtirokchisi ta’sis hujjatlarida belgilangan va jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab bir yildan oshmaydigan muddat mobaynida jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) o‘z hissasini to‘liq kiritishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari to‘g‘risida” 2014 yil 20 iyundagi 262-sonli qarorining 19-bandida Qonun 8-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq ishtirokchini jamiyatdan chiqarish talabi bilan sudga faqat jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida o‘n foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari murojaat qilishlari mumkinligi, sudlar ushbu toifadagi ishlarni ko‘rishda javobgar o‘z majburiyatlarini qo‘pol buzayotganligi, harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning faoliyat ko‘rsatishiga imkon bermayotganligi yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotganligi holatlari mavjudligini aniqlashlari lozimligi haqida tushuntirish berilgan.
Agar jamiyatning ishtirokchisi sifatida huquqlaringiz buzilgan deb hisoblasangiz, ikkinchi ishtirokchini jamiyatdan chiqarish talabi bilan jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tgan joydagi iqtisodiy sudga murojaat qilishga haqlisiz. Chunki, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 30-moddasida korporativ nizolar bo‘yicha ishlar iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi, 37-moddasida esa bu toifadagi da’volar yuridik shaxs joylashgan yerdagi sudga taqdim etilishi lozimligi belgilangan.
Shovot tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi O‘rinboy Madroximov